Yoshlar kuni doirasida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori. professor Gulnoza Ismailova jamgʻarma stipendiatlari — dunyoning yetakchi universitetlarida tahsil olayotgan doktorantlar bilan onlayn muloqot oʻtkazdi.
Hozirgi kunda jamgʻarma koʻmagi bilan 80 nafar yosh olim nufuzli xorijiy universitetlarning PhD dasturlari boʻyicha taʼlim olmoqda. Ular taʼlim va tibbiyotdan tortib kompyuter texnologiyalari, muhandislik va konchilik ishiga qadar boʻlgan keng doiradagi ilmiy yoʻnalishlarni qamrab olgan.
Uchrashuv davomida doktorantlarning salmoqli ilmiy salohiyatga ega ekanligi, ularning tadqiqotlari va akademik yutuqlari Oʻzbekistonning xalqaro ilmiy nufuzini mustahkamlashga hamda mamlakatni global akademik hamjamiyatda ilgari surishga xizmat qilayotgani taʼkidlandi. Ularning ilmiy ishlari natijalari mamlakat iqtisodiyoti, fani va taʼlimining muhim tarmoqlarini rivojlantirishga munosib hissa qoʻshishi kutilmoqda.
Ochiq muloqot shaklida oʻtgan uchrashuv davomida ishtirokchilar taʼlim samaradorligi, ilmiy ishlarni tashkil etish, ilmiy rahbarlar va universitetlar bilan oʻzaro hamkorlikka oid keng koʻlamli masalalarni muhokama qildilar.
Doktorantlarning ilmiy yutuqlarini tizimli monitoring qilish — tadqiqot rejalarining bajarilishi, dissertatsiyalarning tayyorlanishi va muvaffaqiyatli himoya qilinishini oʻz vaqtida kuzatib borish imkonini beradigan “akademik treking” masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Gulnoza Ismailova doktoranturani oʻz vaqtida tamomlash va yosh olimlarning Oʻzbekistonga qaytishining muhimligini taʼkidladi, zero ularning bilimi va xalqaro ilmiy tajribasi milliy fan, taʼlim va innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish uchun muhimdir.

