Bugun, 26-fevral kuni “El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori birinchi oʻrinbosari Davron Abdurashidov TIKAning Oʻzbekistondagi mintaqaviy koordinatori Esin Acar Ergin bilan uchrashdi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi — jamgʻarma rahbariyatining 2025-yil noyabr oyida Turkiyaga tashrifi chogʻida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqishdan iborat boʻldi. Tomonlar umumiy tashabbuslardan amaliy hamkorlik choralariga oʻtish masalalarini muhokama qildi.
Muloqot davomida jamgʻarma tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar, stipendiya dasturlari, sunʼiy intellekt (SI), kiberxavfsizlik va dronsozlik boʻyicha mutaxassislarning malakasini oshirish boʻyicha davlat rahbarining topshiriqlari, kadrlarni tayyorlashda ustuvorlik beriladigan sohalar haqida maʼlumot berildi.
Oʻz navbatida, TIKA vakillari Oʻzbekistonda tibbiyot, raqamli texnologiyalar va qurilish sohalarida amalga oshirilayotgan loyihalar haqida soʻzlab berdi.
Tajriba almashish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi: tomonlar xalqaro taʼlim loyihalarini muvofiqlashtirish sohasidagi malakasini oshirish maqsadida jamgʻarma xodimlari uchun TIKAda stajirovka dasturini ishga tushirish masalasini koʻrib chiqdi.
Uchrashuv yakunida oʻzbekistonlik davlat xizmatchilari uchun Turkiyada stajirovka dasturini yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvga erishildi.

